“Anavi ko‘zoynakli bola tekinga olgan 4 ta biletini 11 million so‘mga sotmayapti”
“Daryo” muxbiri 28-dekabr — konsert bo‘ladigan kun tongida “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib, chiptalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi. Saroy atrofida o‘nlab chiptafurushlar faoliyat olib bormoqda. Ular, albatta, faqat Enrike Iglesiasning konserti chiptalarini sotish bilan shug‘ullanayotgani yo‘q, lekin ular uchun ham bugungi kunning bosh mavzusi — shu ispaniyalik xonanda. Eng qimmat chiptalar ham uning konsertiga.
“Daryo” muxbiriga to‘qnash kelgan birinchi chipta olibsotari balkondan bitta bileti borligini, 600 ming so‘mga sotishini aytdi. “Balkonning biletlarini 800 ming — 1 million so‘mdan sotishyapti. Ustiga bor-yo‘g‘i 100—200 ming so‘m qo‘yib sotyapmiz, xolos”, — deydi chiptafurush. Uning aytishicha, ikkita yonma-yon o‘rinli chiptalarni topishning deyarli imkoni yo‘q.
“Juda yonma-yon bo‘lmasa ham, yon-atrofidan qilib bera olamiz, so‘rab-surishtirib. O‘zi rasman sotuvda yo‘q bu biletlar, biz shu yo‘q narsani ham topib beryapmiz”, — deydi olibsotar. Bu, katta ehtimol bilan, tegishli tashkilotlar orqali bittadan chiptani qo‘lga kiritgan shaxslar ularni olibsotarlarga sotib ketayotganini anglatishi mumkin.
Ikkinchi olibsotar 500 ming so‘mga balkondan joy olib bo‘lmasligini aytdi. “Balkon chiptalarini 700—800 ming so‘mdan sotyapmiz. Ikkita olsangiz, balki, 650 mingdan qilib berishar bolalar, lekin shunda ham yonma-yon bo‘lmaydi”. Balkondagi ba’zi o‘rinlar 1 million so‘mgacha bo‘lgan narxda, zaldagi joylar esa 5 million so‘mgacha narxda sotilayotganini aytdi. “Zaldan 2,5 million so‘mga ham chipta topolmaysiz”, — dedi u. Chiptafurushning aytishicha, bunday qimmat narxga konsertga tushgandan tushmagan yaxshi. “Lekin bu Enrike-da!”, — deb qo‘shimcha ham qilib qo‘ydi.
Ayni vaqtda, u chet ellik xonandaning konserti chiptalari bu qadar qimmatligida chiptafurushlarni ayblash noo‘rinligini ta’kidladi. “Huv anavi yerda turgan ko‘zoynakli bolani ko‘ryapsizmi, sizga o‘xshagan oddiy bir bola. Tekinga olgan to‘rtta biletini 11 million so‘mga bermayapti. Tekinga olganini o‘zi tan olib turibdi, yigitlar naqd 11 million so‘mni shunday olib kelib berishdi, yo‘q deb turibdi. Yana ham qimmatroqqa sotmoqchi ekan. Biz shundan olgan biletimiz ustiga 100 ming so‘m qo‘yib sotsak, ko‘zingizga qanday ko‘rinamiz? Kim yomon? Biletchi yomon”, — dedi biletchi.
Olibsotarlardan birining aytishicha, Iglesiasning konserti uchun san’at saroyining sahnasi “xuddi Yevropadagidek” o‘zgartirilgan — sahna o‘rtasidan zal tomon yo‘lak qurilgan. Shu bois zalning markaziy qismidagi o‘rindiqlardan bir qismi olib tashlangan (ushbu xabar tayyorlanayotgan vaqtda bu ma’lumotni “Istiqlol” san’at saroyi vakillaridan tasdiqlatish imkoni bo‘lmadi). Ma’lumot uchun, “Istiqlol” 3982 tomoshabinga mo‘ljallangan.