Yangi formatda davom etish uchun: https://uzfor.net/view.php?act=post&id=63669
Postga havola
Сирожиддин [2882] [off]
Avvalo, Shvetsiya akademiyasiga va uning Nobel mukofoti bo‘yicha qo‘mitalariga, mening uzoq muddatli badiiy mehnatimga shunchalik katta baho berganligi uchun minnatdorchilik bildiraman. Ko‘pchilik uchun notanish tildagi murojaatimni ochiqko‘ngillik bilan qarshi olasizlar, degan umiddaman. Aynan shu til — arab tili oliy mukofotga sazovor bo‘ldi. Sizlarni uning go‘zalligi bilan tanishtirib o‘tishni o‘z burchim deb bilaman. Sizlar jonli arab tilini birinchi marta eshityapsiz, o‘ylaymanki, bu — oxirgisi emas. Hali arab yozuvchilari ko‘p marta mana shu zalda boshqa mamlakatlarning ulug‘ yozuvchilari — bu bezovta dunyoda donishmandlik durdonalarini yaratuvchilar bilan bir qatorda turish sharafiga muyassar bo‘ladilar.
Qohiradagi chet el gazetalaridan birining muxbiri aytishicha, menga Nobel mukofoti berishga qaror qilinganda zalga og‘ir sukunat cho‘kkan. Nobel mukofoti qo‘mitasining aksari a’zolari “Kim u, Najib Mahfuz?” deyishibdi. Mana endi, shaxsan o‘zimni ochchiqko‘ngillik va samimiylik bilan tanishtirishga ijozat bergaysiz.
Men, bir vaqtlar bir-biri bilan qo‘shilib ketgan ikki tsivilizatsiyaning o‘g‘liman. Biri yetti ming yil ilgari, fir’avnlar davrida, ikkinchisi ming to‘rt yuz yil muqaddam dunyoga kelgan musulmon tsivilizatsiyasi. Bu zalda o‘tirgan siz janoblar mansub bo‘lgan tsivilizatsiya haqida gapirishga zaruriyat yo‘q, deb o‘ylayman. Sizlar sof san’at va ilm-fan farzandlarisiz. Bizlar yaxshi tanishib olishimiz uchun ikkala tsivilizatsiyadan mening yurtimda qolgan meros haqida eslatib o‘tmoqchiman. Fir’avnlar davri, ularning yurishlari, imperiyalari haqida ko‘p to‘xtalmayman… Bular bari uzoq o‘tmish, hozirgi zamon odamlari xayolini ko‘pam bezovta qilmaydi. Misr tsivilizatsiyasi dastlab qanday qilib olamlarni yaratgan Allohning odamlarda iymon uyg‘otgan ta’limotiga murojaat etib taraqqiyot yo‘liga qadam tashlagani haqidagi tafsilotlarga berilish zarurati ham yo‘q. Bu juda ko‘p vaqtni oladi.
Sizlarning orangizda fir’avn Ehnaton davri haqida eshitmagan bironta odam yo‘qligiga ishonchim komil. Bu tsivilizatsiya erishganlari, uning san’ati, adabiyoti, o‘lmas me’morchilik yodgorliklari piramidalar, qasrlar, Sfinks, Qarnoq kabilar haqida gapirish zarurati ham yo‘q. Siz janoblardan kimlardir bu ulug‘vor yodgorliklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmagan bo‘lsalar-da, ular haqida o‘qiganlar, son-sanoqsiz fotosuratlarda ko‘rganlar. Shunday bo‘lsa ham fir’avnlar davridan bir manzarani eslatmoqchiman. O‘zim ko‘p yillar davomida qadimgi dunyo tarixi mavzusida hikoya va novellalar yozganman. Bizgacha yozma holda yetib kelgan bir hikoyani eshitib ko‘ring.
Qadimiy papirusda yozilishicha, bir fir’avnga uning haramidagi asiralaridan ba’zilari saroy a’yonlari bilan ishqiy munosabatga kirgani haqida xabar beradilar. O‘sha davr qonunlariga ko‘ra, saroyda gunoh qilgan odam zudlik bilan jallodga topshirilar edi. Fir’avn eng bilimdon qonunshunoslarni chaqirib, voqeani sinchiklab o‘rganishni, keyin odil sud qilib, adolatni tiklashni topshiradi. Aminmanki, fir’avnning bu qarori ulug‘vor piramidalardan ham, kuchli saltanatlaru boyliklardan ham ortiqroq hayrat uyg‘otadi. Saltanatlar yo‘q bo‘lib ketdi, ular haqidagi xotiralar faqat yozuvlarda qoldi. Bir vaqtlar kelib, piramidalar ham kulga aylanadi. Biroq, xaqiqat va adolat, odam zotida sinchkov aql, bezovta qalb bor ekanki, saqlanib qolaveradi.
Islom tsivilizatsiyasi haqida, u qanday qilib odamlarni va sayyoramizdagi hamma xalqlarni birlikka, erkinlikka, tenglik va muruvvatga da’vat qilgani haqida ko‘p to‘xtalmayman. Islom tsivilizatsiyasining, sizlarning mutafakkirlaringiz ham odamzod tarixidagi eng buyuk zot deb tan olgan payg‘ambari haqida gapirib o‘tirmayman. Islomning dunyo bo‘ylab yoyilishi, u barcha dinlarni ahillikka, Xitoyu Hindistondan tortib Frantsiyagacha bo‘lgan oraliqdagi millionlab odamlarni bir-biriga toqatlilikka, sabrga va yaxshilikka chaqirgani haqida ham to‘xtalmayman. Faqat islom tsivilizatsiyasi tarixidan chiroyli bir misol keltiraman.
Musulmonlar Vizantiya imperiyasining armiyasi bilan jang qilgandan keyin asir olinganlarni qadimiy yunon falsafasi, tibbiyoti, matematikasi haqidagi kitoblarga almashgan ekanlar. Men buni bilimga va haqiqatga chanqoq inson ruhiyatining ulug‘vorligi haqida guvohlik beruvchi voqea deb bilaman. Ulug‘ ta’limotga ergashgan odamlar majusiylik tsivilizatsiyasi mevalaridan totib ko‘rishni lozim topibdilar.
Taqdir meni ikki ulug‘ tsivilizatsiya yurtida tug‘ilib, ularning sutidan oziqlanishimni, madaniy merosidan bahramand bo‘lishimni lozim ko‘ribdi. Ana shunday zaminda mening kitoblarim dunyoga keldi. Ular hurmatli akademiyangizning yuqori bahosiga sazovor bo‘lib, adabiyot sohasidagi Nobel mukofotiga loyiq deb topilganidan baxtiyorman. O‘z nomimdan ham ikkala tsivilizatsiyaning mangulikka ketgan ijodkorlari nomidan samimiy va chuqur minnatdorchiligimni qabul qilishingizni so‘rayman.
Janoblar! Ehtimol sizlar “Qanday qilib bu “uchinchi dunyo” odami o‘z aqlining erinchoqligini yengib o‘tib, badiiy asarlar yoza qolibdi?” deb o‘ylayotgandirsiz? Bunday savol juda o‘rinli. Axir men, katta qarzlar botqog‘iga botgan va o‘zini ochlikka giriftor qilish yo‘li bilangina bu qarzlarni uzishi mumkin bo‘lgan yurtlardan kelganman. Bizning “uchinchi dunyo” bu — doimo suv toshqinida qoladigan Osiyo, ochlikdan azob chekayotgan Afrika, bu — millionlab odamlari oddiy huquqlaridan ham mahrum etilgan va o‘zlari odam sanalmaydigan Janubiy Afrika. “Uchinchi dunyo” bu — Urdun daryosining g‘arbiy qirg‘oqlari, odamlari o‘z ota-bobolaridan qolgan yerlarda yashasalar-da, o‘zlarini taqdirning o‘gay farzandlari kabi his qiladigan G‘azo mintaqasi. Bu odamlar o‘zlarining oddiy insoniy huquqlari uchun kurashga otlanganlar. Eng birinchi huquq — insoniy hayot kechirishdir. Buni dunyo tan olgan.
Qahramonona qo‘zg‘olonlarning minglab ishtirokchilari ayovsiz savalanadilar, otib tashlanadilar, qamoqxona va kontslagerlarda azobga solinadilar, ularning uyi yer yuzidan supurib tashlanadi. Bularning bari sayyoramizning yuz ellik million arablar yashaydigan qismida sodir bo‘lyapti! Ular, falastinliklar azoblanayotganini va tahqirlanayotganini ko‘rib, qahr-g‘azabga to‘lib ketyaptilar. Agarda umumiy tinchlik va adolatga intilayotganlarning aqli-donishi tantana qilmas ekan, hududdagi ahvol falokatga aylanib ketishi mumkin. Insoniyat tsivilizatsiyasi o‘z rivojining mas’uliyatli bosqichini o‘tayotgan shu kunlarda bu odamlarning azoblanishiga befarq qarab bo‘lmaydi, ular bizning vijdonimizga havola qilyaptilar, amaliy hamdardlik ko‘rsatishni talab qilyaptilar.
Men, insoniyat yetarli darajada oqil, deb hisoblayman. Rivojlangan mamlakatlar bir bitimga kelayotgan, olimlar atrof-muhitni, sanoatning zararli chiqindilarini tozalash uchun kurashayotgan hozirgi kunlarda odamzodning aql-zakovati o‘lim va yemirilishga qarshi turishi zarur. Axloqni va odamlar ruhiyatini aynab ketishdan saqlab qolish uchun kurashni kuchaytirish ziyolilarning burchidir. Biz rivojlangan, ulug‘ davlatlarning boshliqlaridan, sog‘lom fikr yurgizadigan odamlardan davrimizning yuksak ongi darajasiga ko‘tarilishni talab qilishga haqlimiz.
Uzoq o‘tmishda har bir boshliq o‘z mamlakati yoki millati haqida qayg‘urgan, boshqalarni esa o‘ziga dushman deb bilgan va ekspluatatsiya qilish ob’ekti deb hisoblagan. Bunday boshliqlar uchun eng muhimi — boshqalardan ustunlikka erishish, o‘z ulug‘ligini qat’iylashtirishdan iborat bo‘lgan. Shunday tuban maqsadlar uchun axloq, tamoyillar, insoniy qadriyatlar toptalgan, bu yo‘lda har qanday vosita o‘rinli hisoblangan. Shunday maqsadlarni deb son-sanoqsiz odamlar qurbon qilingan, yolg‘on, xiyonat, shafqatsizlik — kuch va ulug‘vorlik belgisi deb hisoblangan. Endi biz insoniy qadriyatlarga boshqacha ko‘z bilan qarashimiz, munosabatimizni o‘zgartirishimiz lozim.
Hozirgi tsivilizatsiyalashgan rahbarning ulug‘vorligi, dunyoqarashining kengligi, butun odamzod taqdiri uchun kuchaygan mas’ulligi bilan baholanishi kerak. Rivojlangan davlatlar ham, “uchinchi dunyo” mamlakatlari ham — hammasi bir oila. Bu oilada har bir odam boshqa har bir odam uchun, ilm-fanning yutuqlarini, insoniy donishlikni va tsivilizatsiyani saqlab qolish uchun o‘zining mas’uliyat ulushini zimmasiga olib yurishi kerak. “Uchinchi dunyo” nomidan sizlarga mana bunday chaqiriq bilan murojaat qilishni o‘z burchim deb bilaman: bizning falokatlarimizni va kulfatlarimizni chetdan turib kuzatuvchilar bo‘lmang, ulardan qutulishimizga yordam beringlar! Bu — sizlarning ulkan imkoniyatlaringizga mos keladigan olihimmat rolingizdir. Sizlar taraqqiy etgan dunyo vakillari sifatida yer yuzidagi hayotning har qanday ko‘rinishlariga, undan ham ko‘proq, bu ulkan, ayni paytda tor dunyoda yashayotgan har bir odamning hayotiga mas’ulsizlar. Gapirib-gapirib qo‘yish yetarli emas, qaroqchilarcha siyosatu changalzor qonunlarini tugatish uchun amaliy chora ko‘rish vaqti keldi. Biz shunday davrda yashayapmizki, rahbarlar odamzodning yashab qolishi uchun, sayyoramizning taqdiri uchun javobgardir… Odamlar, insoniyat taqdiri oldidagi o‘z mas’uliyatlari darajasini anglab yetishlariga yordam bering! Halizamon odamiylik, aql-zakovat, ilm-fan qonunlari bir chetga uloqtirib tashlanmasdan oldinroq yordam bering!
Janoblar! Sizlarning iltifotli diqqat-e’tiboringizni suiiste’mol qilganim uchun kechiringlar. “Uchinchi dunyo”dan o‘zining dardu hasratlari bilan kelgan odamdan boshqa nimaniyam kutish mumkin? Bunaqa odam o‘z qayg‘u-hasratlarini ilm-fanga, san’atga, ma’naviy va insoniy qadriyatlarga xizmat qilish uchun yaralgan sizning tsivilizatsiya vohangizda to‘kib solmasa, qayerda gapiradi, deysiz? Sizning vohani bunyod qilgan ulug‘ zot to‘plagan ulkan boyliklarini Yaratganning oldida o‘z gunohlarini yuvish uchun, yaxshilik va ilm-fan yo‘liga sarflagan. Biz, “uchinchi dunyo” farzandlari sizdek ma’rifatli arboblarni undan namuna olishga chaqiramiz. U dunyoni qanday ko‘rishni istagan bo‘lsa, shunday dunyo uchun kurashing!
Janoblar! Bugun biz yashab turgan dunyo larzalarni boshidan kechirayotganiga qaramay, men baribir optimistligimcha qolaman. Ulug‘ faylasuf Kantning “yaxshilik yovuzlik ustidan faqat narigi dunyoda g‘alaba qiladi”, degan gapiga hech qachon qo‘shilmayman. Yo‘q, yaxshilik har kuni g‘alabalarga erishadi. Yovuzlik biz o‘ylagandan ko‘ra ojiz, yaxshilikka qaraganda kuchsiz. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Yaxshilik g‘alaba qilmaganida odam bolasi yovvoyi tabiatga, stixiyali falokatlarga, qo‘rquv va xudbinlikka qarshi turolmagan bo‘lardi. Kattaroq misol keltiraman: yaxshilik tantana qilmaganida odamzod umuman taraqqiy etolmagan, millatlarga birlashib, texnikaning yangidan-yangi mo‘jizalarini ixtiro qilolmagan, koinotni o‘zlashtirolmagan, inson huquqlarini ovoza qilolmagan bo‘lardi. To‘g‘ri, yovuzlik misli tikanak, ovozi o‘tkir, odam esa xursandchilikdan ko‘ra g‘am-tashvishlar haqida o‘ylashga moyil. Bizning ulug‘ shoirimiz Abdulali aytganidek, o‘lim qayg‘usi tug‘ilish xursandchiligidan ming karra kuchlidir.
Iltifotli diqqat-e’tiboringiz uchun, janoblar, sizlarga yana bir marta minnatdorchilik bildiraman.
1988 yil
Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi