Ertam qolib bugunimni quvar boʻlsam,
Fursat yetib koʻzlarimni yumar boʻlsam.
Nima deyman Allohimga, bersa savol,
Oq libosim kiyar boʻlsam - bugun oʻlsam.
Vaqtichogʻlik, kayf-u safo – zoʻr aslida,
Davlatim bor, joyim uyning toʻrisida.
Nima deyman Allohimga, besh vaqt namoz,
Qazo boʻlgan kun va tunning orasida.
Orttirganim: boʻlsa, ana, uch-toʻrt tanga,
Oʻynab–kulib, vaqt topmadim volidamga,
Nima deyman Allohimga, duo olmay,
Yedirganman, onam kabi – oʻz bolamga.
Ilmim yoʻqdir - olgan boʻlsam hamki ta’lim,
Tilda garchi shahodatim - yoʻq amalim.
Nima deyman Allohimga, soʻroqlasa,
Navbat yetib, ohiratda kelsa galim.
“Bismilloh”siz boshlanibdi har bir ishim,
Gʻaflat bosib peshingacha koʻrdim tushim.
Nima deyman Allohimga, dayus boʻlib,
Halolimga lozim emas, kiydirsam shim.
Nima deyman: ogʻzim shaloq, so`zim qusur,
Harom luqmam tomogʻimga bersa huzur.
Nima deyman Allohimga, kechirarmi,
Bilib qilgan gunohimga desam uzr?!
(Yoʻlim tamom. Tilim yomon salovatga,
Eslolmayman qachon yetdim halovatga.
Nima deyman Allohimga, qilmay ehson,
Mol-mulkimni berib qoʻymay talofatga.)