Yangi formatda davom etish uchun: https://uzfor.net/view.php?id=77051&page=1
Etikdo‘z bola ibrati
Xabarlar
Eski shahardagi etikdo‘zlar tizilishib o‘tirgan yo‘lakdan o‘tib borardim.
— Tog‘a, poyabzalingizni tikib beraymi?
O‘girildim. Yon tarafda 13-14 yoshlardagi o‘smir oyog‘imga qarab turardi.
— Botinkamning nochorligini qanday sezding? — Ajablanib so‘z qotdim. Bolakay duv qizarib ketdi.
— Shimingizning poychasi ko‘tarilib qolibdi, shundan...
— Hay, mayli-yu, eplay olarmikansan?
U orqasidagi yog‘och o‘rindiqni yoniga surdi.
— O‘tirvoling, tog‘a.
Botinkamning xalqasi uzilib ketgandi. O‘smir oyog‘im ostiga qalin qog‘oz qo‘yib, o‘zi ishga unnab ketdi.
— Ota-onang bormi? — beixtiyor so‘roqqa tutdim.
— Bor, — dedi suhbatdoshim xushlamaygina. Uning holati qiziqishimni orttirdi.
— Nima, ular bilan arazmisan, deyman?
U poyabzaldan bosh ko‘tarmay:
— Yo‘g‘-ye, hech jahonda ota-onadan arazlab bo‘larkanmi, — dedi.
— Aytdim-qo‘ydim-da...
Men uni kuzatishda davom etdim. Yosh hunarmandning harakati chaqqon, qo‘li yengil edi. U bir zumda tasmani yangiladi. Keyin tag charmi ochilib qolganligini ko‘rib, savol nazari bilan qaradi.
— Yangisidan qo‘yib beraymi?
— Boshqa chorasi yo‘q-ku, — dedim kulib.
U temir sandiqchasidan tagcharm olib, mayda mix bilan botinkamga qoqa boshladi.
— Boyagi savolingizga javob bermaganimga xafa bo‘lmadingizmi, tog‘a — dedi mo‘’jazgina bolg‘asini yengil urarkan.
— Nega endi, lozim topsang, javob berarding-da.
U bir oz tin olib, yer ostidan nigoh tashladi.
— Onam arazlab ketib qoldi. Dadam boshqasiga uylandi.
— Demak, sen onang bilan...
— Yo‘q, men otam bilan qoldim.
— Qiziq-ku. Bu holatlarda bolalar onasini yolg‘izlatib qo‘yishmasdi...
— Axir, onamning o‘zi otamni yolg‘iz tashlab ketdi-ku. Onamning avlodi badavlat. Ammamning turmushi buzilib, biznikiga kelib qolgandi. Onam ularni og‘ir oldi. Dadam esa opasidan voz kecholmadi. Sho‘rlikka qiyin...
— Onangga-chi, onangga achinmaysanmi?
— Nega achinmas ekanman. Biroq ayb o‘zida, bir oz chidasa, ammamga yangi uy qurib berardik. Ammo qanoat qilmadi-da.
— Onang yolg‘iz qolibdi-da?
— Yo‘q, akam, opam bor. Ochig‘i, onam tijorat bilan shug‘ullanadi, topish-tutishi yaxshi.
— Sen nega onang bilan ketmading?
Suhbatdoshim sukutga cho‘mdi. Xuddi sadaf kabi terib qoqilgan mixlardan biri qayrilib ketgandi. Ombur bilan sug‘urib, boshqasini mixladi.
— Mana, tog‘a, yana kamida uch yilga yetadi. Endi chap oyog‘ingizdagini ham ko‘rib qo‘yay.
U bunisiga ham yangi tagcharm qopladi. Qulfi-dili ochildimi, har qalay tish yordi.
— Mensiz otam qiynalib qolardi...
— Baribir, ro‘zg‘or quribdi-ku.
— Shunday. Ammo meni boshqacha ko‘radi.
— Sen-chi?
— Qiziq savol berdingiz-ku. Otani yaxshi ko‘rmagan farzand, farzandmi?
— Ona mehri-chi? U yoqda onang ham o‘z yog‘iga qovurilayotgandir?
— U kishi shuni tanladi. Niyatiga yetdi.
— Bu gaplaring noo‘rin. Hech kim yolg‘izlikni yoqtirmaydi.
— Bilmadim. Yolg‘izlikni xohlamagan odam ko‘pchilikka chidashi kerakmi?! Siz o‘ylamang, onasini hurmat qilmas ekan, deb. Aksincha, juda sog‘inaman, tez-tez ko‘rgani boraman. Boraman-u, nuqul savdodan, puldan, tijoratdan gapiraverib, xun qilib yuboradi.
— Dadang-chi?
— Dadamning fe’li keng. O‘zi kiymasa ham menga, ammamning bolalariga kiydiradi, og‘zidagini uzib beradi, “Qancha topding, bugun tushum nega oz?”, deganini eshitmaganman. Dadam — juda yaxshi odam.
Bola qalbining nozik torlariga tegib qo‘yganimdan uning dil qulfi ochilgandi. Men esa xayolga berilgandim. O‘smir holatimni sezdi.
— Tog‘a, o‘zingiz qayerda ishlaysiz?
— Men rassomman, surat chizaman.
U yalt etib menga qaradi. Ko‘zlaridan olov sachradi.
— Rostdanmi? Unda siz ham rosa pul topar ekansiz-da.
— Yo‘g‘-ye, mazasi yo‘q. Tirikchilikka zo‘rg‘a yetib turibdi.
Boyadan buyon tinmayotgan bolg‘acha daf’atan to‘xtadi. Yigitcha iymanibgina menga qaradi.
— Bir gap aytaymi, tog‘a?
— Aytaver, bolam, axir gaplashib o‘tiribmiz-da.
— Xafa bo‘lmang-u, otamning aytishicha, kimki kasbini hurmat qilmasa, undan nolisa, kosasi oqarmas ekan. Aksincha, hunarni xorlamagan, ishga mehr bilan kirishgan odamning hayoti yaxshilanib ketarkan. Siz ham kasbingizdan nolimang, tog‘a...
Bolakayning kattalarga xos teran fikri ruhimni ko‘tarish, dalda berish uchun aytilgan bo‘lsa-da, go‘yo botinka o‘rniga meni o‘rindiqqa mixlaganday tuyuldi...
XIKOYA.RU
shahzodbekpro, # shahzodbekpro (15.12.2019 / 01:05)
Har bir maqola, she'r, hikoya, hokazolar uchun alohida mavzu ochish shart emas shekilliBu ibrat olami podforumidan ochilgan. Shu podforumni qarab ko'ring, qanday mavzular borligini!
Har bir maqola, she'r, hikoya, hokazolar uchun alohida mavzu ochish shart emas shekilliBu ibrat olami podforumidan ochilgan. Shu podforumni qarab ko'ring, qanday mavzular borligini!
+ (1): Apalon4ik,
Tavsiya etamiz:
- Hoziroq maydonlarni to'ldiring va reklamangizni joylashtiring!
Mavzuga oid xabarlar soni: 3 ta
So'ngi faollik vaqti: 10:38:27, 15 Dec 2019