Yangi formatda davom etish uchun: https://uzfor.net/78559-un-ogrisiga-berilgan-jazo.html?id=63645
Un o‘g‘risiga berilgan jazo...
Xabarlar
Bu hikoyani bir do‘stimiz aytib berdi. Hozir Yevropaga ishlagani ketayotganlar o‘qisa, ayni muddao bo‘lardi.
Bir o‘zbek Finlandiyaga ishlagani borib, un tegirmoniga unni yetkazib beruvchi haydovchi bo‘lib ishga kiradi.
Katta mashina, tonnalab yuklarni u yoqdan bu yoqqa tashib yurib, haydovchi akamiz bir holatga e’tibor qilib qoladi:
Pishiriq qiladigan fabrikaga unni olib borsa, hech kim un to‘la qoplarni sanab olmayapti, hech kim qog‘oz-qalam qilmayapti. Shunda xayoliga kelgan rejasidan "Qandingni ur, shopirbola", deb xursand bo‘lib ketadi.
Ertasiga, ayni ish buyurilgan kuni "Kim bilib o‘tiribdi, shuncha qop undan ikki qopini uyga tushirib ketsam?" – deb uyiga tushirib ham ketadi.
Ammo yevropaliklar biz o‘ylaganchalik anoyi emas ekan: hamma joy kompyuterlashtirilgan, hisob bo‘yicha mahsulot chiqmagan. Pishiriq fabrikasi darrov to‘polon-janjal qilmasdan, shartnoma shartini bajarmagan tegirmonga, faks jo‘natgan.
Tegirmon xo‘jayini barcha ishchilarni yig‘ib dala-do‘mbara qilmasdan, aynan shopirbolani chaqirib, tushintirib gapirgan:
– Falonchi, nima bo‘ldi? Olib borgan yukingiz kam chiqibdi-ku?
Shopirimiz oldindan tayyorlab qo‘ygan bahonasini aytibdi:
– Yo‘llar o‘ydim-chuqur bo‘lsa, bilmasam, tushib qolgan bo‘lsa, bordir.
Xo‘jayin o‘ylanib turib:
– Mayli, ishlab turgin-chi, ko‘ramiz – deb, boshqa joylarni taftish qilib ketibdi.
Kechga yaqin shopirimizni chaqirib, urib-so‘kmasdan:
– Falonchi, bugun birga ketamiz. Mashinaga ikki qop unni yuklab olgin, – deb buyruq beribdi (aslida iltimos qilgan).
Ikkovlon yo‘lda ikki qop unni tashlab ketishibdi. Haydovchi aka hayron bo‘lib so‘rabdi:
– Janob, nega unni yo‘lga tashlab ketyapmiz?
– Bir do‘stimga kerak ekan, shunga. Uyigacha olib bormaymiz, o‘zi qachon kelsa, olib ketadi.
Haydovchi keyingi kunlari yuk tashish asnosida qiziqib o‘sha yo‘ldan yurar emish-u, hech kim haligi unlarni olib ketmasmish.
Bir kun o‘tibdi, ikki kun o‘tibdi, uchinchi kun xo‘jayin uni chaqirib:
– Haligi ikki qop unni olib kelaylik, do‘stimga kerak bo‘lmay qolibdi, – depti.
Shopir unni mashinasiga yuklab bo‘lgach, xo‘jayin so‘rabdi:
– Mana, shu ikki qop un ochiq joyda uch kun turdi. Men hayronman, sening mashinangdan tushib qolgan un qayoqqa ketdi ekan-a?
Shu joyida shopirning ahvolini tasavvur qilib ko‘rgandirsiz?
Xo‘jayin shopirga qarab, "Endi men seni qamataman. Hech qayerga ishga olmaydigan qilaman. Keyin oldimga yalinib kelasan", deyish o‘rniga "Endi bu ishingni bu joylarda qaytib qilma", deb aytibdi, xolos.
P.S. Men sizga "chirigan" Yevropaning odamlari birovning haqqidan qo‘rqishini, birovning ishonchini suiiste’mol qilmasligini, o‘g‘rilik sharmandalik ekanligini aytmoqchi emasman. Shunchaki, biz ham odam bo‘lib keldik, odam oldida uyatli bo‘lib qolmaylik demoqchiman.
Manba: Azon.uz
Tavsiya etamiz:
- Hoziroq maydonlarni to'ldiring va reklamangizni joylashtiring!
Mavzuga oid xabarlar soni: 1 ta
So'ngi faollik vaqti: 19:14:20, 31 Jan 2020